Butunjahon antidoping agentligi (WADA) xabar berishicha, Indoneziya va Tailand Milliy antidoping agentliklarini Butunjahon antidoping kodeksiga ko‘ra, muvofiqlik statusini tikladi.
Bu tashkilotlarning muvofiqlik statusi 2021 yil sentyabr oyidan boshlab maʼlum sabablarga ko‘ra to‘xtatib qo‘yilgan edi.
Bunday amaliyot qo‘llanilishiga asosiy sabab Indoneziya milliy antidoping agentligi doping-testlashni rejalashtirish va o‘tkazish jarayonida qo‘pol kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan bo‘lsa, Tailand Milliy antidoping agentligi belgilangan muddatda Milliy antidoping qoidalarini ishlab chiqib uni 2021 yil yangi tahrirdagi Butunjahon antidoping kodeksiga moslashtirmagan va buning ortidan amaliyotga joriy etilmagan.
Eslatib o‘tish joizki, O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi 2021 yil 16 dekabr kuni WADA tomonidan akkreditatsiyadan o‘tib, Butunjahon antidoping kodeksiga to‘liq muvofiqligini tasdiqlagan. O‘zbekiston Milliy antidoping qoidalari belgilangan muddatdan oldin ishlab chiqilib, yangi tahrirdagi Kodeksga Osiyo davlatlari ichida birinchi, jahon davlatlari ichida uchinchi bo‘lib moslashtirib, amaliyotga joriy etgan.
Hozirda WADA tomonidan ikkita davlat - Rossiya va Shimoliy Koreya milliy antidoping agentliklarining faoliyati Butunjahon antidoping kodeksiga nomuvofiq deb eʼlon qilinib ushbu tashkilotlarga nisbatan sanksiya jazolari belgilangan.