Maʼlumki, kuni kecha Xiva shahrida ogʻir atletika boʻyicha Oʻzbekiston ochiq Chempionati boʻlib oʻtdi. Unda gʻoliblikni qoʻlga kiritgan sportchilar ichidan mamlakatimiz shaʼnini xalqaro sport musobaqalarida himoya qilish uchun tanlab olinadi. Bu borada Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi hamda Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi bilan yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik doirasida saralash doping-nazoratini tashkil etish katta ahamiyat kasb etadi.
Chunki turli xalqaro musobaqalarda (Osiyo va Jahon chempionatlari, turnir va oʻyinlar) ishtirok etuvchi oʻzbekistonlik ogʻir atletikachilar ishonchli va halol sport natijalariga erishishini taʼminlash zarur.
Ushbu maqsadda Agentlik mutaxassislari Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasi mutasaddilarining amaliy yordamida Chirchiq shahrida joylashgan ogʻir atletika oʻquv mashgʻulot bazasida 24 nafar ogʻir atletikachilarni saralash doping-nazoratidan oʻtkazishdi.
Olingan doping-sinamalarning natijalariga koʻra, terma jamoaning yakuniy tarkibi shakllanishi koʻza tutilgan. Oʻzbekiston ogʻir atletika federatsiyasining mazkur tajribasini Agentlik hamisha qoʻllab-quvvatlaydi va boshqa sport turlari boʻyicha milliy federatsiyalarimizni sportchilarni seleksiyasida saralash doping-nazoratini oʻtkazish amaliyotini oʻz antidoping dasturiga kiritilishini tavsiya qilamiz.
BARCHAMIZNING MAQSADIMIZ — YANGI OʻZBEKISTON SPORTINING SHAFFOF VA XALOLLIGINI TAʼMINLASH!