O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi (O‘zMADA) mutaxassislari Markaziy Osiyo bo‘yicha Mintaqaviy antidoping tashkiloti (RADOCA)ning navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etishdi.
Galdagi yig‘ilish video-konferens aloqa shaklida tashkil etilib, unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Pokiston, Afg‘oniston va Mongoliya milliy antidoping agentliklari rahbarlari va mutaxassislari qatnashishdi.
Mazkur tadbirning asosiy mavzusi - "2022-yil Osiyo va Paraosiyo o‘yinlariga tayyorgarlik ko‘rish chog‘ida sportchilardan nazorat doping-testlarini olish, ularni tegishli antidoping laboratoriyalariga yuborishning logistik muammolarini hal etish, davlatlararo qo‘shma va qarama-qarshi doping-nazoratini tashkil etish".
Shu bilan birga, O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi bosh direktori va RADOCA vitse-prezidenti Nodirjon Tursunovning hali doping-nazorati to‘liq siklini yo‘lga qo‘ymagan Qirg‘iziston, Turkmaniston va Mongoliya milliy antidoping agentliklariga bu borada O‘zMADA tomonidan amaliy-uslubiy yordam ko‘rsatishni davom etishga tayyorligi haqidagi taklifini tomonlar maʼqullab, aniq ish rejasini muhokama qilib olishdi.
Endilikda yuqorida zikr etilgan mamlakatlarning milliy antidoping agentliklari mutaxassislari o‘zbekistonlik hamkasblari tomonidan doping-test o‘tkazishni rejalashtirish va tashkillashtirish (RA&TDP), saqlash va yuborish (ISTI), antidoping laboratoriyalari bilan ish yuritish (APMU, ABP), doping-natijalarini tahlil qilish (RM) kabi muhim yo‘nalishlar bo‘yicha tayyorlab beriladi.
Milliy antidoping agentligi
Matbuot xizmati