eye

Agentlik yangiliklari

Agentlik yangiliklari

Qoidabuzarlarga sherik bo‘layotgan sport tashkilotlari yoxud doping muammosining yechimi qanday?

Jahon sportida doping masalasi doimiy tarzda muammo bo‘lib kelmoqda. Bir qator mamlakatlar, sportchilar uning ta’sirida nufuzli musobaqalarning medallar jamlanmasidan quruq qolmoqda, chempionatlardan chetlatilmoqda.

Bu esa mamlakatlarning xalqaro imijiga salbiy ta’sir ko‘rsatish bilan katta miqdordagi jarimalar iskanjasiga tushirmoqda.

O‘zbekistonda doping muammosining yechimi, unga qarshi samarali kurashish borasida qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Yurtimiz sportchilarini doping balosidan asrash borasida nima ishlar qilinmoqda? Shu kabi savollarga javob topish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi bosh direktori Nodirjon Tursunov bilan suhbatlashdik.

– Doping masalasi dolzarb muammo. Ayting-chi, sportda dopingni butunlay yo‘q qilish mumkinmi?

– Fikrimni siyosiy arbob, notiq, yozuvchi Sitseronning «Nohaq yo‘lda g‘alaba qozongandan ko‘ra, haq yo‘lda mag‘lub bo‘lgan afzal», degan so‘zi bilan boshlamoqchiman. Zamonaviy sportda doping bilan bog‘liq turli mojarolar avjiga chiqqanligi hech kimni hayratlantirmay qo‘ydi. Bu bir tomondan, sportchilarni doping moddalari iste’moliga bo‘lgan moyilligi ortayotgani bo‘lsa, ikkinchidan, doping holatlari tez fursatda oshkora qilinishi, antidoping laboratoriyalarining aniqlash uslublari avvalgilari bilan solishtirganda jadal mukammallashib borishidadir.

Sportda dopingga qarshi kurashish, nafaqat O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi balki, keng jamoatchilikning ham vazifasi hamdir. Ammo doping muammosi sportda shunchalar o‘rnashib olganki, uni yo‘q qilish uchun agentlik yoki boshqa idoraning na insoniy, na moliyaviy resurslari yetadi. Umuman olganda, milliy antidoping agentliklari sohada tartibga soluvchi regulyator vazifasini o‘tash uchun tashkil etiladi. Ular faoliyatining asosiy yo‘nalishlari, bu – sportchilardan doping sinamalarni yig‘ish, uning salomatlikka ko‘rsatadigan salbiy oqibatlari haqida ma’lumot tarqatish va "dopingchilar"ni sportdan chetlashtirishdir.

– Milliy sportimizda doping muammosining yechimini qayerdan izlamoq lozim, deb hisoblaysiz?

– Eng avvalo, «zamonaviy o‘zbek sportining yutuqlarini ko‘rolmaydiganlar ko‘p, ular sportchilarimizga qarshi turli fitnalar uyushtirib, dopingda asossiz ayblashyapti», kabi buzg‘unchi fikrdan qaytish va vaziyatni tanqidiy tahlil qilish lozim. Halol sportchini hech kim, biron qudratli tashkilot asossiz ravishda dopingda ayblay olmaydi.

Misol uchun, bizga yaqin davlatlardan biri – sal kam o‘n yildan beri masalani konstruktiv yechimidan ko‘ra, uni siyosiylashtirishni afzal ko‘rdi va haligacha murakkab vaziyat qurshovidan chiqolmayapti. Vaholanki, Xalqaro olimpiya va paralimpiya qo‘mitalari hamda xalqaro sport federatsiyalari tomonidan ushbu davlatning sportchilari va mutasaddilariga qarshi qo‘yilgan barcha doping ayblovlar bo‘yicha qo‘zg‘atilgan qirqdan ortiq ishlar Oliy sport arbitraj sudida o‘rganilib, o‘z tasdig‘ini topgan.

Ikkinchidan, boshqa sohalar kabi sportda ham sohaga bevosita aloqasi yo‘q manfaatlar va ularni qondirish yo‘lida sodir etilayotgan korrupsion harakatlarga qarshi kurashish lozim. Bu qanchalik hayratlanarli tuyulmasin, lekin sportda doping iste’moli va korrupsiya muammolari chambarchas bog‘liq. Ayni ko‘rinishni masalan, «sportchi – murabbiy – sport federatsiyasi» zanjiri misolida kuzatishimiz mumkin. Hech kimga sir emas, nafaqat yirik g‘alabaga erishgan sportchi, balki uning murabbiyi va tegishli sport federatsiyasining rahbarlari ham davlatimiz tomonidan yuksak e’tiborga olinib, ularga turli mukofotlar, qimmatbaho sovrinlar, unvonu darajalar, imtiyozu imkoniyatlarni taqdim etish havas qilsa, arzigulik odatga aylangan. Endi faraz qilaylik, agar sportchi ushbu g‘alabasini doping hisobiga qo‘lga kiritgan bo‘lsa, unda nima bo‘ladi? Sportchi nimalardan mahrum bo‘ladi? Bu holatda u Butunjahon antidoping kodeksiga asosan ma’lum muddatga sportdan chetlashtiriladi, xolos. Lekin u va uning atrofidagi shaxslar hech qanday javobgarlikka tortilmaydi, ularga tuhfa etilgan barcha imtiyozlar va mukofotlar o‘z egasida qoladi, ularning bu firibgarlik qilmishlariga nisbatan jamiyatimiz tomonidan norozilik bildirilmaydi. Aksincha, ko‘plab hollarda ommaviy axborot vositalarida ularning «matonati», «vatanparvarligi» va «qahramonligi» haqida targ‘ibot-tashviqot materiallari uzatib boriladi.
 

Natijada «ulkan» maqsad yo‘lida hech narsadan qaytmaslik, davlat va jamiyat manfaati va obro‘sidan o‘z shaxsiy manfaatini yuqori qo‘yish kayfiyati allaqachon ustunlik qila boshlaganiga guvoh bo‘lib turibmiz.

– Sportdagi korrupsion holatlarga qanday qaraysiz?

– Bugun korrupsiya haqida qancha gapirmaylik, har qanday jamiyatda unga qarshi kurashning oddiy yechimi bor. Mamlakatda qonunlar va javobgarlik hamma uchun teng bo‘lishi, hech kim jazodan qochib qutilmasligi lozim. Xalqimiz g‘irromlik evaziga maqsadga erishishni keskin qoralaydi. Shunga qaramasdan dopingdan foydalanayotgan sportchilar, shunga da’vat qilayotgan murabbiy va boshqa mutasaddilar afsuski, yo‘q emas. O‘zbekistonda bunday "uddaburon"larning qilmishlarini o‘z nomi bilan ta’riflaganda, jinoiy firibgarliklarini kuzatayotgan keyingi avlodning halol sportchi va murabbiylarining umidlari so‘nishiga ta’sir ko‘rsatadi.

«Adolatli sport», «shaffof bahs», «olimpiya ruhi», «halol raqobat» tushunchalari buzilib, g‘ayritabiiy tusga aylanadi. Katta sportning ommalashishi va rivojlanishi oqsoqlanadi. Shu bois doping va korrupsiya egizak tushunchalar bo‘lib, jamiyatning, mamlakat rivojining kushandalari hisoblanadi.

– Hozirgi kunda biron sportchida doping aniqlansa, faqatgina o‘zi jazolanadi. Boshqalar esa chetda qolib ketaveradi...

– Darhaqiqat, sportchining doping iste’molida boshqa shaxslarning aloqasi mavjud bo‘lsa-da, ko‘pincha sportchi «mardlik» ko‘rsatib, hamrohlari haqidagi ma’lumotni oshkor qilishni istamaydi. Vaholanki, surishtiruv jarayoniga sportchi yordam bersa, holatni yashirmasa, hamkorlik qilgani uchun Butunjahon antidoping kodeksi hamda O‘zbekiston Milliy antidoping qoidalariga muvofiq unga beriladigan diskvalifikatsiya (sportdan chetlashtirish muddati) ancha yumshatilishi ko‘zda tutilgan. Vaziyatning ikkinchi tomoni, sportchiga nisbatan chiqarilgan qarordan qat’i nazar, yuqorida zikr etilgan me’yoriy hujjatlarga asosan, tegishli sport federatsiyasi, Milliy olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari doping aniqlangan vaziyat yuzasidan qo‘shimcha o‘rganishni tashkil etishi va o‘tkazilgan o‘rganish natijasiga ko‘ra, aybdor shaxslarga nisbatan turli choralar ko‘rilishi ko‘rsatilgan.

Bu harakatlarning barchasi sportda doping iste’moli uchun jazo muqarrarligini ta’minlab, sportchilar o‘rtasida dopingni tarqalishi, bu masalada tavakkalchilikka yo‘l qo‘yilishi, nopok g‘alabaga erishishni oldini olishda xizmat qiladi.

Ammo, sport tashkilotlari ba’zida ushbu vazifani bajarmasdan, o‘zi xohlamagan holda doping qoidabuzarlariga sherik bo‘lmoqda. Achinarlisi, mazkur «sherikchilik», «harakatsizlik» tegishli xalqaro sport federatsiyalari, Xalqaro olimpiya va paralimpiya qo‘mitalari, Butunjahon antidoping agentligi tomonidan monitoring qilib boriladi va milliy hamda global antidoping harakatining rivoji yo‘lidagi ularning o‘rni to‘g‘risida salbiy xulosalar chiqaradi. Shuning uchun barcha milliy sport federatsiyalarini hamda Milliy olimpiya va paralimpiya qo‘mitalari tarkibida doping qoidabuzarliklarini o‘rganish tuzilmalarini tashkil etish va bu yo‘nalishda faoliyatni tizimli yo‘lga qo‘yish lozim.

Xulosa o‘rnida shuni alohida ta’kidlab o‘tmoqchiman, doping iste’mol qilishda qo‘lga tushgan sportchilar, ularni tarbiyalagan murabbiylar va qo‘llab-quvvatlagan yoki e’tiborsizlik qilgan sport tashkilotlarining mutasaddilariga nisbatan, ularning unvoni va mansabidan qat’i nazar, tegishli jazo muqarrarligini ta’minlash zarur. Agar ayrim mutasaddilar dopingga olib keladigan vaziyatlarni qo‘llab-quvvatlamay, o‘z vazifasini halol sportchilar manfaati uchun bajarsa, mamlakatimizda ommaviy va professional sport bilan faol shug‘ullanuvchilarga qilingan yaxshilikning savobiga ega bo‘ladi.

Bu xalqni rozi qilish, halollik va adolatni ta’minlashga, eng muhimi, doping muammosini yengishda katta ko‘mak vazifasini bajaradi.

– Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.

T.Ro‘ziyev suhbatlashdi, O‘zA

Taqvim

Taqvim

Dsh Ssh Chsh Psh Jm Shn Yak

Faoliyati

Ўзбекистон миллий жамоасининг ЖЧ-2022 саралаш ўйинлари кейинги йилга қолдирилди
Sport vazirligi: maxsus sirtqi ta’lim shakliga abituriyentlarni qabul qilish jarayoni boshlandi
Валттери Боттас “Формула-1”нинг Mercedes жамоаси билан шартномасини узайтирди
Триатлон федерациясига Хавфсизлик кенгаши котиби, ММА ассоциациясига эса мудофаа вазири раис бўлди
Миссиямиз
Diqqat! Agar siz matnda xato topsangiz, uni tanlang va ma'muriyatni xabardor qilish uchun Ctrl + Enter ni bosing

Xatolik haqida ma'muriyatga xabar berish