Butunjahon antidoping agentligi (WADA)ning 2021 yil statistik hisobotiga koʻra, Hindiston doping aniqlangan sportchilar soniga koʻra jahonda uchinchi oʻringa chiqdi. Dunyoning 17% dopingchilari aynan shu mamlakatning fuqarolaridir. Oldinda faqat Rossiya (19 foiz) va Italiya (18 foiz).
Solishtirish uchun: Braziliya toʻrtinchi oʻrinda — 9 foiz natija qayd etmoqda. Shu bilan birga, Hindistonda yiliga atigi 4 mingta doping-sinama yigʻilgan boʻlib, bu koʻrsatkich boʻyicha u top-10 ga kirmaydi. Masalan, Rossiyada 2021 yil davomida 9,5 mingta, AQSH va Buyuk Britaniyada — 10 mingdan ortiq, Germaniyada — 15 va Italiyada — 8,5 mingta doping-sinama sportchilardan olingan.
Agar nisbatan kam doping-sinama olinishida Hindiston birinchi uchtalikka kirishga ulgurgan boʻlsa, doping-sinmalar soni koʻpaygan taqdirda raqamlar qay darajada yuqorilab ketishini tasavvur qilish qiyin.
Maʼlumot uchun taʼkidlash joizki, Butunjahon antidoping agentligining Xalqaro doping testlash standartiga muvofiq, mamlakatda ijobiy doping holatlari koʻpaygan sari, umumiy doping-testlash sonini oshirish va koʻlamini kengaytirish talab etiladi.
Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi
Matbuot xizmati