Halol sportchilar, jonkuyar murabbiylar, vatanimizning sportda erishgan xalqaro obroʻsiga befarq boʻlmagan vatandoshlarimizga murojaat qilib shuni aytmoqchimanki, dopingdan holi muhitni yaratish, dopingli sport kabi buzgʻunchi mafkurani yengish va sportimizni dopingdan ozod qilish faqat kurashlar orqali qoʻlga kiritiladi.
Shunday ekan, agar biz hafsalamizni pir qilsak, sukut saqlasak yo qoʻrqsak, oddiy sportchining qadri hech qachon baland boʻlmaydi. Sportchining yuksak marralarni zabt etishi uchun teng sharoitlarga ega boʻlish huquqi, adolat yoʻqoladi. Chunki adolat har qanday tartibsizlikka qarshi eng samarali vositadir.Ayrim doping isteʼmolchilar va ularni qoʻllab-quvvatlovchilarning milliy sportimiz va kengroq olganda, davlatimiz shaʼniga qarshi nopok harakatlariga yoʻl qoʻymaylik. Doping yordamida natijalarga erishayotgan har bir “sportchi” yuzlab halol sportchilarimizning umidini soʻndiradi, umr orzusiga xiyonat qiladi. Dopingga qarshi kurashish sohasida huquqiy bilimimizni oshiraylik. Millatimiz, yosh sportchilarimiz, farzandlarimizning ertangi kuni uchun tinmaylik. Hammasi oʻz qoʻlimizda!.