Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 5-maydagi “2022-yilda Xanchjou shahri (Xitoy)da boʻlib oʻtadigan XIX yozgi Osiyo va IV Paraosiyo oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi.
Mazkur qarorga koʻra, Xitoyda boʻlib oʻtadigan yozgi Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida Oʻzbekiston sportchilarining har tomonlama tayyorligi va muvaffaqiyatli ishtirokini taʼminlash, ularda oltin, kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berish, Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligiga antidoping oʻquv seminarlarini tashkil etish topshirigʻi berilgan edi.
Ushbu topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi, Antidoping taʼlim dasturlari boʻlimi tomonidan badiiy gimnastikachilar va murabbiylar uchun “Doping haqida tushuncha” mavzusida oʻquv-seminar oʻtkazildi.
Sportda — raqobatbardosh sportchilarning sport koʻrsatkichlarini oshiruvchi, tananing jismoniy yoki psixologik faolligini vaqtincha oshiruvchi, noqonuniy dori vositalarini qoʻllash; organizmga nojoʻya taʼsir koʻrsatadigan va maxsus aniqlash usullari mavjud boʻlgan biologik faol moddalar, sport koʻrsatkichlarini majburiy oshirish usullari va koʻp sonli dori-darmonlar mashgʻulot yoki musobaqa paytida sportchilar uchun taqiqlangan maqomiga ega.
Zamonaviy sportdagi vaziyatni boshqa tomondan koʻrib chiqsak, sportda dopingdan foydalanish haqidagi barcha afsonalarni yoʻq qilish va haqiqatni tasvirlab berish ancha muhim vazifa, deb taʼkidlandi. Dopingning kelib chiqish tarixini yorqin slaydlar orqali tinglovchilar ongiga yetkazildi. Dopingning nojoʻya asoratlari, uni qabul qilgandagi organizmning hatto oʻlimga olib kelganligi haqida aniq misollar bilan tushuntirildi.
Uchrashuv davomida sportchilarga doping toʻgʻrisida qay darajada tushunchaga ega ekanliklarini aniqlash maqsadida tarqatma testlar ham berildi. Shuningdek, sport gimnastikachilari oʻzlarining qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilishdi va kerakli tavsiyalarni olishdi.