Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi sportda doping qoʻllanishining oldini olish va dopingga qarshi kurashish sohasida yagona davlat siyosatini amalga oshiradi. Milliy antidoping agentligi Butunjahon antidoping kodeksi, xalqaro antidoping standartlariga asoslangan milliy antidoping qoidalari hamda normativ-huquqiy hujjatlarga rioya etilishini taʼminlaydi.
Agentlikning Antidoping qoidabuzarliklari va ADAMS monitoringi boʻlimi tomonidan sportchilarning ADAMS tizimidagi shaxsiy profillarini monitoringi amalga oshiriladi. Xalqaro va milliy toifadagi sportchilarga shaxsiy profillarini yuritish boʻyicha mazkur boʻlim tomonidan koʻrsatmalar berib kelinadi. Sportchilar oʻrnatilgan tartibda ADAMS tizimidagi maʼlumotlar bazasini shakllantirib, oʻz vaqtida yillik kalendar asosida yuritib borishlari talab etiladi.
Jumladan, Sambo boʻyicha jahon chempioni, bir necha bor mamlakat va xalqaro musobaqalar gʻolibi xalqaro toifadagi sport ustasi Bahodir Boqiyev ham ADAMS tizimidan roʻyxatdan oʻtkazilgan. Uning shaxsiy profilida maʼlumotlarni oʻz vaqtida taqdim etish maqsadida Milliy antidoping agentligiga tashrif buyurdi. ADAMS platformasida ishlash boʻyicha amaliy koʻnikmalarini oshirish va mavjud kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida boʻlim boshligʻi Nigora Azamatova tomonidan kerakli tushuncha va tavsiyalar berildi.
Maʼlumot uchun aytib oʻtmoqchimiz, (ADAMS) The Anti-Doping Administration & Management System – bu doping test roʻyxatiga kiritilgan sportchilarning maʼlumotlarni (yashash manzili, mashgʻulot vaqti, musobaqalar grafigi va boshqa faoliyatlari) toʻplash va saqlash uchun onlayn dastur hisoblanadi. ADAMS tizimidagi maʼlumotlar maxfiyligi kafolatlanadi.
Milliy antidoping agentligi
Axborot xizmati