Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022-yil 5-maydagi “2022-yilda Xanchjou shahri (Xitoy)da boʻlib oʻtadigan XIX yozgi Osiyo va IV Paraosiyo oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan edi.
Mazkur qarorga koʻra, Xitoyda boʻlib oʻtadigan yozgi Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida Oʻzbekiston sportchilarining har tomonlama tayyorligi va muvaffaqiyatli ishtirokini taʼminlash, ularda oltin, kumush va bronza medallarini qoʻlga kiritishi uchun barcha sharoitlarni yaratib berish va Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligiga antidoping oʻquv seminarlarini tashkil etish topshirigʻi berilgan edi.
Ushbu topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi, Antidoping taʼlim dasturlari boʻlimi tomonidan futbol boʻyicha Oʻzbekiston milliy terma jamoasi aʼzolariga “Doping va uning sportchi salomatligiga taʼsiri” mavzusida oʻquv-seminar oʻtkazildi.
Seminar davomida doping sportda — raqobatbardosh sportchilarning sport koʻrsatkichlarini sunʼiy ravishda oshiruvchi, tananing jismoniy yoki psixologik faolligini vaqtincha oshiruvchi, noqonuniy dori vositalarini qoʻllash, organizmga nojoʻya taʼsir koʻrsatadigan va maxsus aniqlash usullari mavjud boʻlgan biologik faol moddalar, sport koʻrsatkichlarini majburiy oshirish usullari va koʻp sonli dori-darmonlar mashgʻulot yoki musobaqa paytida sportchilar uchun taqiqlangan maqomiga ega ekanligi taʼkidlandi.
Zamonaviy sportdagi vaziyatni boshqa tomondan koʻrib chiqsak, sportda dopingdan foydalanish haqidagi barcha afsonalarni yoʻq qilish va haqiqatni tasvirlab berish ancha muhim vazifadir. Dopingning nojoʻya asoratlari, uni qabul qilgandagi organizmning hatto oʻlimga olib kelganligi haqida aniq misollar bilan terma jamoa aʼzolariga tushuntirdi.
Tadbir davomida mavzu boʻyicha slaydlar yordamida qiziqarli maʼlumotlar berildi hamda doping nazorat qoidalari, Butunjahon antidoping agentligi (WADA) tomonidan taʼqiqlangan moddalar toʻgʻrisida ham maʼlumotlarga ega boʻlishdi.
Dopingga qarshi kurash har bir insonning asosiy vazifasi boʻlishi lozim.
Maʼlumot uchun aytib oʻtmoqchimiz, Oʻzbekiston milliy terma jamoasi 2023-yilda oʻtkaziladigan futbol boʻyicha Osiyo kubogining saralash bosqichi doirasida “C” guruhidan oʻrin olgan terma jamoamiz dastlabki turda Namangandagi “Markaziy” stadionda Shri-lankaga qarshi bahs olib bordi va raqib darvozasini 3 bor ishgʻol etishdi. Terma jamoamiz navbatdagi oʻyinini 11-iyun kuni Maldiv orollari terma jamoasiga qarshi oʻtkazadi. Ushbu bahsda ham yurtdoshlarimizga omad yor boʻlishini tilab qolamiz!
Milliy antidoping agentligi
Axborot xizmati