Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 5 maydagi “2022 yilda Xanchjou shahri (Xitoy)da boʻlib oʻtadigan XIX yozgi Osiyo va IV Paraosiyo oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan.
Mazkur qarorga koʻra, Xitoyda boʻlib oʻtadigan yozgi Osiyo va Paraosiyo oʻyinlarida Oʻzbekiston sportchilarining har tomonlama tayyorligi va muvaffaqiyatli ishtirokini taʼminlash maqsadida Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligiga antidoping oʻquv-seminarlarini tashkil etish topshirigʻi berilgan edi.
Ushbu topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida bugun, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi xodimlari tomonidan hozirda Toshkent viloyati Chirchiq shahrida oʻquv-mashgʻulot yigʻinini olib borayotgan Dzyudo boʻyicha ayollar terma jamoasi aʼzolariga “Antidoping qoidabuzarlik turlari va ADAMS tizimidan toʻgʻri foydalanish” mavzusida oʻquv-seminar oʻtkazildi.
Seminar davomida sportchilarga doping toʻgʻrisida bilimlarini sinash maqsadida anonim savolnoma ham tarqatildi. Sportchilar oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilishdi va kerakli tavsiyalarni olishdi.
Butunjahon antidoping Kodeksiga muvofiq, har bir antidoping tashkiloti oʻz mamlakatida oʻquv-seminarlarni oʻtkazish, tushuntirish ishlarini olib borish hamda profilaktika ishlarini yoʻlga qoʻyishi belgilangan. Shu sababli Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi ham dzyudochi qizlarga oʻquv-seminarlarni oʻtkazib, tushuntirish ishlarini amalga oshirdi. Profilaktika maqsadida sportchilar qanday mahsulotlarni isteʼmol qilmoqda, ular isteʼmol qilayotgan dorilar taʼqiqlangan roʻyxatga kiritilmaganmi shularni bilish maqsadida sportchilar xonasi koʻzdan kechirildi va kerakli tushuntirishlar berildi.
Bu ishlarni barchasi mamlakatimiz bayrogʻini xalqaro maydonlarda yuqori koʻtarayotgan sportchilarimizni salomatligini asrash yoʻlidagi say-harakatdir.
Unutmang, dopingga qarshi kurash har birimizning asosiy vazifamiz boʻlishi lozim!
Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi
Axborot xizmati