Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi, Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi va Milliy paralimpiya qoʻmitalari tomonidan tasdiqlangan “2024-yil Parij shahrida (Fransiya) boʻlib oʻtadigan yozgi Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini tayyorlashda doping qoʻllanilishini oldini olish va dopingga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi dasturga muvofiq tadbirlar amalga oshirib kelinmoqda.
Jumladan, ayni kunlarda poytaxtimizdagi “Yunusobod” sport majmuasida ogʻir atletika boʻyicha oʻsmirlar va yoshlar oʻrtasidagi Osiyo chempionati boʻlib oʻtmoqda. Ushbu Osiyo birinchiligida 21 davlatdan, umumiy hisobda 250 dan ortiq polvonlar chempionlik uchun bahs olib borishmoqda. Sportchilar bilan birga delegatsiya rahbarlari va murabbiylar shtabi ham poytaxtimizda mehmon boʻlib turibdi.
Shu sababli Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi mutaxassislari tomonidan xorijlik mutaxassislar va sportchilar uchun “Antidoping qoidabuzarlik turlari va doping- nazoratini amalga oshirish tartibi” toʻgʻrisida xorijlik va mahalliy mutaxassislarga oʻquv-seminar oʻtkazildi.
Seminar yakunida Xalqaro Ogʻir atletika federatsiyasi vakillari va tashkiliy qoʻmita mutasaddilari hamkorlik uchun oʻz minnatdorchiligini bildirdi va Agentlik mutaxassislari mamlakatda halol sport targʻibotini amalga oshirishdagi samarali faoliyati uchun sertifikatlar bilan taqdirlandi.
Maʼlumot uchun aytib oʻtmoqchimiz, Osiyo chempionati 25-iyulga qadar davom etadi va mazkur chempionatda mamlakatimiz sharafini 34 nafar iqtidorli sportchilarimiz himoya qilishadi.
Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi boʻlajak chempionlarimizga oldinda turgan musobaqada omad yor boʻlishini tilab qoladi!
Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi
Axborot xizmati