So‘ngi yillarda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportga katta eʼtibor berilmoqda. Ayniqsa xotin-qizlarni sportga jalb qilish borasida olib borilayotgan islohotlar tahsinga loyiq. Buning natijasida esa ular tomonidan xalqaro musobaqalarda qo‘lga kiritilayotgan natijalar maqtashga arzigulik albatta.
Jumladan, futbol bo‘yicha ayollar terma jamoamiz tajribali yaponiyalik murabbiy Midori Honda qo‘l ostidagi mashg‘ulotlarni olib borishmoqda va birinchi xalqaro musobaqada ham ishtirok etishdi.
Kecha yakuniga yetgan SAFA Vomenʼs Championship-2022 turnirida O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasi so‘ngi turda Eron ayollar milliy terma jamoasiga qarshi bahs olib bordi. Qizg‘in va murosasiz kechgan bahs natijalariga ko‘ra iqtidorli qizimiz Maftuna Shoyimova tomonidan 85-daqiqada kiritilgan yagana gol hamyurtlarimizga g‘alaba keltirdi.
Shu tariqa, SAFA Vomenʼs Championship-2022 turnirida barcha raqiblarini mag‘lubiyatga uchratgan Midori Honda shogirdlari 100 foizlik natija bilan turnir chempionligini qo‘lga kiritishdi. Eʼtiborlisi, futbolchi qizlarimiz turnir davomida raqiblari darvozasini 20 marotaba ishg‘ol etib, o‘z darvozalari daxlsizligini saqlab qolishdi.
Shuningdek, jamoamiz aʼzosi Nilufar Qudratova turnir davomida 5 ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi va musobaqaning eng yaxshi futbolchisi, deya eʼtirof etildi.
O‘zbekiston ayollar milliy terma jamoasining turnir davomidagi natijalari:
O‘zbekiston – Tojikiston 6:0;
O‘zbekiston – Turkmaniston 6:0;
O‘zbekiston - Qirg‘iziston 7:0;
O‘zbekiston – Eron 1:0.