Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi, Sportni rivojlantirish vazirligi, Milliy Olimpiya qoʻmitasi va Milliy paralimpiya qoʻmitalari tomonidan tasdiqlangan “2024-yil Parij shahrida (Fransiya) boʻlib oʻtadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya oʻyinlariga Oʻzbekiston sportchilarini tayyorlashda doping qoʻllanilishini oldini olish va dopingga qarshi kurashish boʻyicha chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi dasturga muvofiq samarali ishlar amalga oshirib kelinmoqda.
Dasturga muvofiq, shu kunlarda Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi bosh direktori A.Sadikov, Sportni rivojlantirish vazirligi mutaxassisi U.Joʻrayev, Agentlik boʻlim boshliqlari N.Azamatova va Sh.Mavlonovlar Surxondaryo viloyatida boʻlib turibdi.
Tashrifdan koʻzlangan maqsad olis hududlarda sportga berilayotgan eʼtibor qay darajada ekanligini bilish, mavjud kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish hamda antidoping sohasidagi bilimlarini mustahkamlash borasida oʻrganish ishlarini olib borishmoqda.
Jumladan, mutasaddilar dastlab Termiz shahar bolalar va oʻsmirlar sport maktabida boʻlishdi. U yerda sportchilarga yaratib berilgan sharoitlar bilan tanishishdi. Shundan soʻng, Sportning oʻyin turlari va yengil atletikaga ixtisoslashtirilgan sport maktabi, Jarqoʻrgʻon bolalar va oʻsmirlar sport maktabi hamda Termiz shahrida joylashgan Dzyudo federatsiyasi qoshidagi Dzyudo maktablari faoliyatini oʻrganishdi. Oʻrganish davomida sport bazalaridagi tibbiyot xonalari ahvoli, qanday dori vositalari mavjudligi, taqiqlangan moddalar va biologik faol qoʻshimchalardan foydalanilyaptimi yoki yoʻqligi koʻzdan kechirildi.
Shuningdek, rejaga muvofiq oʻquv-seminar ham tashkil etildi va sportchilar, sport shifokorlari hamda murabbiylarga antidoping qoidabuzarlik turlari boʻyicha seminar oʻtkazildi.
Surxondaryoga tashrif yakunida viloyatdagi barcha sport taʼlim muassasasi rahbarlari ishtirokida ZOOM platformasi orqali onlayn yigʻilish oʻtkazildi. Yigʻilish davomida mutasaddi rahbarlarga kerakli tushuntirish ishlari olib borildi va tavsiyalar berildi.
Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi
Axborot xizmati