Soʻngi yillarda mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportga hukumat darajasida eʼtibor berilmoqda. Buning zamirida esa koʻplab sportchilarimiz yurtimiz sharafini xalqaro musobaqalarda munosib himoya qilib kelishmoqda.
Xalqaro musobaqalarda sportchilar huquqlarini himoya qilish, ularga antidoping sohasida kerakli tushunchalar berish va halol sport targʻibotini olib boruvchi mamlakatdagi yagona tashkilot Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligidir.
Agentlik tomonidan ustuvor hisoblangan federatsiya va assotsiatsiya sportchilari uchun antidoping qoidabuzarlik turlari muntazam tushuntirib kelinmoqda. Jumladan, kecha Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanidagi sport bazasida oʻquv-mashgʻulot yigʻinini olib borayotgan eshkak eshuvchilarga “Doping va uning sportchi salomatligiga taʼsiri” mavzusida oʻquv-seminari oʻtkazildi.
Mazkur seminarda sportchilar, murabbiylar va sport shifokorlari ishtirok etishdi. Suhbat davomida yigʻilish ishtirokchilari oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga yuzlanishdi va mutaxassislar tomonidan kerakli tavsiyalar berildi.