O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 noyabrdagi “2024 yil Parij shahrida (Fransiya) bo‘lib o‘tadigan XXXIII yozgi Olimpiya va XVII Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori hamda 2022 yil 1 iyuldagi “2026 yil Milan va Kortina-d‘Ampesso shaharlarida (Italiya) bo‘lib o‘tadigan XXV qishki Olimpiya va XIV Paralimpiya o‘yinlariga O‘zbekiston sportchilarini kompleks tayyorlash to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosini taʼminlash maqsadida mutasaddilar viloyatlarda xizmat safarlarida bo‘lib turishibdi.
Jumladan, joriy yilning 23-avgust kuni Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi bosh direktori A.Sadikov, Sportni rivojlantirish vazirligi mutaxassisi U.Joʻrayev, Agentlik boʻlim boshligʻi S.Tursunova va bosh mutaxassis A.Mansurovalar dastlab, Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurishdi.
Viloyatga tashrifdan koʻzlangan maqsad olis hududlarda sportga berilayotgan eʼtibor qay darajada ekanligini bilish, mavjud kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish hamda antidoping sohasidagi bilimlarini mustahkamlash borasida oʻrganish ishlarini olib borishdir.
Shu maqsadda Sirdaryo viloyatida joylashgan sport taʼlim muassasalarida amalga oshirilayotgan ishlarni koʻzdan kechirish bilan bir qatorda, viloyatda faoliyat olib borayotgan murabbiylar, sport shifokorlari va sportchilarga dopinga qarshi kurashish boʻyicha tavsiyalar ham berildi hamda oʻquv-seminar tashkil etildi.
Sirdaryoga tashrif yakunida viloyatdagi barcha sport taʼlim muassasasi rahbarlari va tuman boʻlim boshliqlari ishtirokida ZOOM platformasi orqali onlayn yigʻilish oʻtkazildi.