Avval xabar berganimizdek, Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi va Sportni rivojlantirish vazirligi xodimlaridan tashkil topgan ishchi guruh vodiy boʻylab xizmat safarida boʻlib qaytishdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 5 noyabrdagi PQ-5280-son qarorining 2-ilovasi bilan tasdiqlangan Sport-taʼlim muassasalari faoliyatini 2025 yilgacha rivojlantirish dasturini 2021-2022 yillarda amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi» tasdiqlangan bo‘lib, masʼul tashkilotlar O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi hamda Sportni rivojlantirish vazirligi mutasaddi xodimlari viloyatlarga borgan holda o‘rganish ishlarini olib borishmoqda.
Jumladan, Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi bosh direktori A.Sadikov, Sportni rivojlantirish vazirligi mutaxassisi U.Joʻrayev, Agentlik boʻlim boshligʻi S.Tursunova va F.Abdurashidovalar dastlab, Fargʻona viloyatiga tashrif buyurishdi. Shundan soʻng, Andijon va Namangan viloyatlarida boʻlishdi.
Mutasaddilar viloyatlardagi sport taʼlim muassasalarida sportchilarga yaratib berilgan sharoitlar bilan tanishish bilan bir qatorda sportchilar, sport shifokorlari va murabbiylarga doping isteʼmol qilishning inson salomatligiga taʼsiri yuzasidan tushuntirish ishlarini olib borishdi va oʻquv-seminar oʻtkazishdi.
Viloyatga tashrifdan koʻzlangan maqsad hududlarda sportga berilayotgan eʼtibor qay darajada ekanligini bilish, mavjud kamchiliklarni oʻz vaqtida bartaraf etish hamda antidoping sohasidagi bilimlarini mustahkamlashdan iboratdir.
Bunday oʻquv-seminarlar va oʻrganish ishlari respublika boʻylab, reja asosida oʻtkazib kelinmoqda.