Toshkent viloyati Nurafshon shahrida viloyat sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi tomonidan viloyatdagi sport-taʼlim muassasalarida faoliyat yuritayotgan tibbiyot xodimlari hamda trenerlari ishtirokida “Sport vrachlarining asosiy vazifalari”, “Sportda dopingga qarshi kurashish muammolari” mavzularida o‘quv-seminar bo‘lib o‘tdi.
Viloyat miqyosida o‘tkazilgan seminarda Toshkent viloyati Sportni rivojlantirish bosh boshqarmasi mutasaddilari so‘zga chiqishdi va yig‘ilish ishtirokchilariga seminar yuzasidan maʼlumotlar berildi.
Shundan so‘ng O‘zbekiston Milliy antidoping agentligining Antidoping taʼlim dasturlari bo‘limi boshlig‘i Sevara Tursunova hamda Terapevtik istisnolar bo‘limi mutaxassisi Fotima Abdurahimovalar tomonidan dopingni sportdagi salbiy oqibatlari, sportchilarda taqiqlangan dori vositalar to‘g‘risida to‘liq tushunchalar berildi.
Seminar so‘ngida sport tibbiyoti xodimlari hamda trenerlar tomonidan sportchilarni yuqori natijalarga erishishlari uchun qanday vitaminlar isteʼmol qilinishi, sportchilarimizdagi o‘zgarishlarga qay tarzda ilmiy jihatdan yondashish zarurligi, doping ofitserlari tomonidan qaysi vaqtda sportchilardan doping test olinishi yuzasidan yo‘llangan savollarga mutaxassislar tomonidan to‘liq javob berildi.