Ayni kunlarda Osiyo mamlakatlari nigohi Iordaniya poytaxti Amman shahrida oʻtkazilayotgan boks boʻyicha kattalar oʻrtasidagi Osiyo chempionatiga qaratilgan.
Kecha musobaqalarga start berildi. -57 kg vazn toifasida Abdumalik Xalakov tailandlik Saravyut Suktetga qarshi, 63.5 kg vazn toifasida Ruslan Abdullayev yaponiyalik Shunsuke Kitamotoga qarshi ringga koʻtarilishdi.
Uch raund davom etgan bellashuvda bokschilarimiz raqiblarini ochkolar hisobida magʻlubiyatga uchratishdi va keingi bosqichga yoʻl olishdi.
Osiyo birinchiligining bugungi dasturlarida ham 2 nafar bokschimiz ringga koʻtariladi. Kechagi jangda yaponiyalik raqibidan sezilarli darajada ustun kelgan Ruslan Abdullayevga qozogʻistonlik Sanatali Toltayev raqiblik qiladi. Ikkinchi jangda esa -54 kg vazn toifasida yana bir bokschimiz Shahzod Muzaffarov pokistonlik Hussayn Zokirni sinovdan oʻtkazadi.