Avval xabar berganimizdek Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi rahbar xodimlari Buxoro viloyatida xizmat safarida boʻlib turgan edi.
Kuni kecha Navoiy viloyatida ham antidoping oʻquv seminarini oʻtkazishdi. Mazkur seminarda Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi bosh direktori A.Sadikov, Sportni rivojlantirish vazirligi mutaxassisi U.Joʻrayev va agentlik xodimlari tomonidan “Sportda dopingga qarshi kurashish muammolari” mavzusida oʻquv-seminar oʻtkazildi va oʻrganish ishlari olib borildi.
Navoiy viloyatidagi sport taʼlim muassasalarida sportchilarga yaratib berilgan sharoitlar, sportchilar qanday dori vositalarini isteʼmol qilayotganligi, bu dori vositalari taqiqlangan roʻyxatda mavjud emasligi yuzasidan oʻrganish ishlari olib borildi.
Shundan soʻng, viloyatdagi sport taʼlim muassasalarida faoliyat olib borayotgan murabbiylar, sport shifokorlari va mutasaddilar ishtirokida oʻquv-seminar tashkil etildi.
Seminarda sport tibbiyoti xodimlari hamda trenerlar tomonidan sportchilarni yuqori natijalarga erishishlari uchun qanday vitaminlar isteʼmol qilinishi kerak ekanligi, sportchilardagi oʻzgarishlarga qay tarzda ilmiy jihatdan yondashish zarurligi, doping ofitserlari tomonidan qaysi vaqtda sportchilardan doping test olinishi hamda ADAMS platformasiga kiritilgan sportchilar oʻz vaqtida profillarini toʻldirib borishlari lozimligi tushuntirildi.
Oʻquv-seminar davomida masʼul xodimlar ishtirokida yigʻilish boʻlib oʻtdi. Yigʻilish onlayn va oflayn tarzda tashkil etilgan boʻlib, sport taʼlim muassasalarini oʻrganish davomida aniqlangan kamchiliklar yuzasidan mutasaddilarga kerakli topshiriq va tavsiyalar berildi.
Shuningdek seminar ishtirokchilari oʻzlarini qiziqtirgan savollar bilan mutaxassislarga murojaat qilishdi va kerakli tavsiyalarni olishdi.