Poytaxtimizda joylashgan Sportning qishki va murakkab texnik turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi har yili jahon, Osiyo va mamlakat chempionlarini yetishtirib chiqaradi. Mazkur dargohda murabbiylardan sport sir-asrorlarini oʻrgangan oʻquvchilar kelajakda oliy taʼlim muassasasini tamomlab sportchi hamda murabbiylikda faoliyat olib borishlari mumkin. Bunday yosh, iqtidorli sportchilarni kelajakda yetuk boʻlib voyaga yetishlarida esa yoshlikdan toʻgʻri, halol kurashga oʻrgatish asosiy omil hisoblanadi.
Shu maqsadda, Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi xodimlari tomonidan Sportning qishki va murakkab texnik turlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi taklifiga binoan antidoping oʻquv seminari oʻtkazildi.
Mazkur oʻquv-seminarda sportning qishki va murakkab texnik turlari boʻyicha tahsil olayotgan oʻquvchi-sportchilar, murabbiylar va sport shifokorlari ishtirok etishdi. Seminar davomida oʻquvchilar oʻrtasida doping tushunchasini qay darajada bilishi toʻgʻrisida qiziqarli savol javoblar ham oʻtkazildi.
Bunday oʻquv-seminarlar Agentlik tomonidan respublikamiz boʻylab onlayn va oflayn tarzda muntazam oʻtkazib kelinmoqda.