Butunjahon antidoping agentligi (VADA) tasarrufidagi Markaziy Osiyo mintaqaviy antidoping tashkiloti (RADOSA)ning navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda, tashkilotga aʼzo mamlakatlar antidoping agentliklari rahbarlari ishtirok etishdi.
Jumladan, Oʻzbekiston Milliy antidoping agentligi bosh direktori A.Sadikov ham onlayn tarzda tashkil etilgan yigʻilishda ishtirok etdi.
Kun tartibidagi bir nechta masalalarga toʻxtalib oʻtildi. Dastlab antidoping agentliklari oʻz mamlakatlaridagi hukumatlar bilan qanday aloqada boʻlayotganligi, ular oʻz ishini samarali tashkil qilishi uchun yetarli sharoitlar yaratib berilganligi boʻyicha fikrlar tinglandi.
Shundan soʻng, tashkilotning yangi logotipini koʻrib chiqish va tasdiqlash masalasi koʻrib chiqildi. Yigʻilish ishtirokchilariga taqdim etilgan logotip namunalari koʻrib chiqildi va bir ovozdan maʼqullandi.
Shuningdek, yigʻilish davomida 2023-yilda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar toʻgʻrisida ham fikr mulohazalar bildirildi.