O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligining vazifasi sportchilarning dopingsiz musobaqalarda qatnashish uchun asosiy huquqlarini himoya qilishdir.
Shu maqsadda Agentlik tomonidan Respublikamizning barcha hududlariga borgan holda sport shifokorlari, murabbiylar va sportchilarga antidoping o‘quv seminarlari o‘tkazib kelinmoqda.
Navbatdagi antidoping o‘quv-seminari para yengil atletika sport turi bilan shug‘ullanuvchi atletlarimiz bilan o‘tkazildi. Tabiiyki, paralimpiya sport turi bilan shug‘ullanuvchi sportchilardan ikki karra ko‘proq mashg‘ulotlar qilish va qo‘shimcha ozuqalar isteʼmol qilish talab etiladi.
Sportchilar isteʼmol qilayotgan dori vositalari yoki qo‘shimcha ozuqalar tarkibida Butunjahon antidoping agentligi tomonidan har yili yangilab boriladigan taqiqlangan dori vositalari mavjud emasligini alohida nazorat qilish va tushuntirish ishlarini olib borish lozim.
Agentlik tomonidan o‘tkazilgan seminarda shu masalalarga ham alohida to‘xtalib o‘tildi. Seminar davomida taqiqlangan dori vositalari to‘g‘risida, ADAMS tizimidagi profillarini o‘z vaqtida to‘ldirib borishlari va doping nazorati xodimlari bilan qanday muloqot qilish lozimligi bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Sportchilar tomonidan berilgan savollarga mutaxassislar tomonidan kerakli javoblar berildi.