Parij-2024 Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlari yaqinlashib bormoqda. Bu esa o‘z navbatida sportchilardan ko‘proq mashg‘ulotlarni olib borishni talab qiladi.
Mashg‘ulot ko‘lami oshgan sayin sportchilarda zo‘riqish, buning ortidan esa jarohatlar orttirib olish tabiiy. Bunday vaziyatlarda yo‘qotilgan energiya o‘rnini qoplash uchun isteʼmol qilayotgan dori vositalar va qo‘shimcha ozuqalar tarkibida Butunjahon antidoping agentligi tomonidan taqiqlangan ro‘yxatga kiritilgan moddalar yo‘qligiga ishonch hosil qilish lozim.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi tomonidan respublikada faoliyat olib borayotgan sport shifokorlari, murabbiylar va mutasaddilar ishtirokida uzluksiz kasbiy taʼlimni taʼminlash maqsadida antidoping malaka oshirish kursi tashkil qilinmoqda.
Navbatdagi antidoping malaka oshirish kursi Farg‘onada o‘tkazildi. To‘rt kunga mo‘ljallangan 24 soatlik malaka oshirish kursida 90 nafar tinglovchilarga sertifikatlar topshirildi. Ushbu malaka oshirish kursida antidoping taʼlim dasturlari, terapevtik istisnolar, ADAMS tizimi va doping sinama olish jarayonida sportchi va uning vakilining huquq va majburiyatlari tushuntirib o‘tildi.
Malaka oshirish kursida ishtirok etgan tinglovchilarga O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi tomonidan sertifikatlar topshirildi. Bu kabi malaka oshirish kurslari respublikamizning barcha hududlarida o‘tkaziladi.