O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 8 maydagi “Maʼmuriy islohotlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi Milliy antidoping agentligi faoliyatini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–149-sonli qarori qabul qilindi.
Mazkur qarorda olimpiya va noolimpiya sport turlariga tayyorlar markazlari, federatsiya va assotsiatsiya sportchilari uchun antidoping o‘quv-seminarlarini tashkil qilish vazifasi yuklatilgan.
Qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Toshkent shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inini o‘tkazayotgan boks bo‘yicha ayollar terma jamoasi aʼzolariga antidoping o‘quv seminari o‘tkazildi. Seminarda terapevtik istisnolar, doping sinama topshirish jarayonida sportchining huquq va majburiyatlari hamda ADAMS platformasidan to‘g‘ri foydalanish borasida tushuntirishlar berildi.
Seminar yakunida sportchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar bilan murojaat qilishdi va mutaxassislar tomonidan kerakli tavsiyalar berildi.