Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 13-14-sentyabr kunlari poytaxtimiz Toshkent shahrida Mintaqaviy antidoping agentligi (RADOCA)ning navbatdagi hisobot yigʻilishi boʻlib oʻtadi. Mazkur yigʻilishda RADOCAga aʼzo mamlakatlar oʻzlari tomonidan dopingga qarshi kurashish borasida amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida hisoboti tinglanadi va oldindagi yangi rejalar boʻyicha takliflari koʻrib chiqiladi.
RADOCAga Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Avgʻoniston, Turkmaniston, Tojikiston, Moʻgʻiliston, Pokiston va Oʻzbekiston Milliy antidoping agentliklari aʼzo hisoblanadi.
Hozirgi kunda RADOCAda oʻz oʻrniga ega boʻlgan Qozogʻiston milliy antidoping markazi (QAZNADO) faoliyat olib boradi va milliy antidoping dasturini amalga oshiruvchi davlat tashkiloti hisoblanadi. QAZNADO boshqa davlatlarning antidoping tashkilotlari, WADA, XOQ, xalqaro federatsiyalar va boshqa xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik qiladi.
Maʼlumot oʻrnida aytib oʻtmoqchimiz, RADOCA Butunjahon antidoping agentligi (WADA) tarkibiga kiruvchi tashkilot boʻlib, mamlakatlarda antidoping sohasidagi faoliyatini monitoring qilib, ularga amaliy yordam beruvchi tashkilot hisoblanadi. 2004-yil WADAning mamlakatlarda halol sportni yoʻlga qoʻyish, mamlakatlarni toza sportga jalb qilish dasturiga asosan tashkil etilgan tashkilot hisoblanadi. Hozirgi kunda dunyo boʻylab Mintaqaviy antidoping agentliklar soni 12 ta boʻlib, unga 119 ta Milliy antidoping agentliklari, markazlari va Milliy olimpiya qoʻmitalari aʼzo hisoblanadi.