Har yili Mintaqaviy antidoping tashkiloti (RADOCA)ga aʼzo mamlakatlar o‘z mintaqalarida hisobot yig‘ilishlarini o‘tkazishadi. O‘zbekiston mintaqadagi joylashuviga ko‘ra Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Afg‘oniston, Mo‘g‘iliston, Tojikiston davlatlari bilan RADOCA tarkibiga kiradi. Ushbu tashkilotning 2023 va 2024-yildagi hisobot yig‘ilishlari Toshkent shahrida o‘tkazilgan edi.
Qirg‘izistonda o‘tkazilayotgan yillik hisobot yig‘ilishida O‘zbekiston Milliy antidoping agentligi direktori Abdushukur Sadikov boshchiligidagi Agentlik mutaxassislari ishtirok etmoqda. Ushbu yig‘ilishda davlatlarda antidoping sohasida olib borilayotgan ishlar, oldindagi rejalar va turli masalalar bo‘yicha uchrashuvlar tashkil etiladi.
Maʼlumot uchun aytib o‘tmoqchimiz, Butunjahon antidoping agentligi (WADA) xalqaro tashkilot bo‘lib, ayrim mamlakatlardagi o‘z ishini mintaqaviy va milliy antidoping tashkilotlari (RADO va NADO)ga topshiradi va bu tashkilotlar Butunjahon antidoping kodeksiga rioya qiladi. Mintaqalarda joylashgan davlatlar ushbu tashkilotlar tarkibiga kiradi.