Joriy yilning sentyabr oyida Rossiya Federatsiyasining Qozon shahrida o‘tkazilgan I MDH o‘yinlarida ishtirok etgan Muay-tay sport turi bo‘yicha terma jamoa aʼzosi Faxriddin Xasanovdan olingan doping-sinamasida taqiqlangan modda aniqlanganligi haqida xabar bergan edik.
I MDH o‘yinlarida 57 kg vazn toifasida ishtirok etgan sportchi Faxriddin Xasanov oltin medalga sazovor bo‘lgan edi. Joriy yilning 8 sentyabr kuni musobaqa jarayonida topshirgan doping-sinamasidan “meldoniy” taqiqlangan moddasi aniqlangan. “Meldonium” taqiqlangan moddalar ro‘yxatining S4. Gormonlar va metabolizm modulyatorlari sinfiga mansub hisoblanadi.
Butunjahon antidoping agentligining (WADA) Xalqaro testlash va tergov-surishtiruv bo‘yicha standarti talablariga asosan, F.Xasanov joriy yilning 8 oktyabridan boshlab mazkur holat Rossiya antidoping agentligi (RUSADA) tomonidan to‘liq o‘rganilishi va tegishli qaror chiqazilgunga qadar sport faoliyatidan vaqtincha chetlashtirilgan edi.
RUSADA Axloq komissiyasining 8 dekabrdagi qaroriga ko‘ra, Faxriddin Xasanov antidoping qoidabuzarlikda aybdor deb topilib, unga 4 yillik diskvalifikatsiya jazo chorasi tayinlandi. Diskvalifikatsiya muddati 2021 yil 8 oktyabrdan boshlab 2025 yil 7 oktyabrga qadar davom etadi.
Diskvalifikatsiya davomida sportchi terma jamoa bilan birgalikda o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida hamda musobaqalarda ishtirok etish huquqidan mahrum bo‘ldi. Sportchining oltin medali belgilangan tartibda musodara etiladi, to‘plagan reyting ballari bekor qilinadi va egallagan 1-o‘rini keyingi, 2-o‘rindagi sportchiga taqdim etiladi.
Eslatma! Antidoping qoidalarini buzgan sportchilar, murabbiylar, shifokorlar va boshqa shaxsiy tarkib vakillari uchun jazo muqarrardir!.
Milliy antidoping agentligi
Matbuot xizmati